SamDU Urgut filialida respublika ilmiy va amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
May 31, 2025 / Ko'rildi 142
SamDU Urgut filialida “Madaniyatlararo muloqotning adabiy-lisoniy takomili hamda tarjima nazariyasi va lingvodidaktikaning dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy va amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada filiali direktori v.v.b Shavkat Berdiyev, tuman hokimining o‘rinbosari Muhiddin Xoliqov, Samarqand davlat universiteti kasaba uyushmasi raisi Shavkat Maxmatmurodov, Turkiya Respublikasi, Istanbul Milliy ta’lim boshqarmasi, Respublika ta’lim tarixi muzeyi direktori, professor Umit Atash hamda filalogiya fanlari doktori, professor Murotqosim Abdiyev, Hamidillo Boltaboyevlar ishtirok etib, madaniyatlararo muloqotning adabiy-lisoniy asoslari, tarjima jarayonida uchraydigan lingvistik va madaniy to‘siqlar, zamonaviy lingvodidaktik yondashuvlar, xorijiy tillarni o‘qitish uslublaridagi yangiliklar kabi qator muhim mavzular muhokama qilindi.
“Hozirgi globallashuv jarayonida turli millat va xalqlar o‘rtasidagi madaniy, lingvistik va axloqiy aloqalarning rivojlanishi, ularning adabiy hamda lisoniy ifodasini mukammallashtirish masalasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, tarjima san’ati – bu nafaqat so‘zlarni emas, balki ma’naviyat, mentalitet va madaniyatlarni bir tilda ikkinchisiga ko‘chira olish san’atidir. Bunda nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan tadqiqotlar, zamonaviy lingvodidaktik yondashuvlar muhim o‘rin tutadi. Mazkur anjuman doirasida siz – o‘z sohasining bilimdon olim va mutaxassislari tomonidan ilgari suriladigan ilmiy qarashlar, taklif va g‘oyalar tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va ta’lim metodikasi yo‘nalishida yangi qirralarni ochishga xizmat qilishiga ishonamiz.”–dedi filial direktori v.v.b Shavkat Berdiyev.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi professori Muhammad Sa’dun o‘z ma’ruzasida bugungi globallashuv sharoitida madaniyatlararo muloqotning chuqurlashuvi, tarjima jarayonlarida yuzaga kelayotgan nazariy va amaliy muammolar, shuningdek, lingvodidaktika sohasida dolzarb bo‘lib turgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.