logo
Loading

Yangiliklar

Urgut tumanidagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohat

Mart 25, 2024 / Ko'rildi 253

      SamDU Urgut filialining xodim va professor-oʻqituvchilaridan iborat jamoa Urgut tumanidagi diqqatga sazovor maskanlarga sayohat qilishdi...

      "O'zbekiston bo'ylab sayohat qil!” dasturi doirasida filial xodim va professor-oʻqituvchilari tumandagi diqqatga sazovor joylar,  ziyoratgohlar va  dam olish maskanlariga tashrif buyurib, u yerdagi tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lishdi. Xususan, sayohatchilar Urgut tumanida joylashgan so’lim go‘shalardan biri Qoratepa tog’lariga sayohat qilishdi. Bu maskanning go‘zal va betakror tabiat manzaralarini tomosha qilish kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi. Qadimiy Buyuk ipak yo‘li o‘tgan tepaliklar, “Zarafshon” tizma tog‘lari etagidagi ulkan toshlar, o‘tmish madaniyatini eslatib turuvchi manzaralar xayolotingizni ertaklar olamiga chorlaydi. Shu tomonlarga yo‘lingiz tushganda, ayniqsa, “Teshiktosh” deya ataluvchi g‘aroyib qoya poyida suratga tushmay qaytmaysiz. 
        Shu o'rinda aytish mumkin-ki, “Teshiktosh”ning sirliligi nimada? Avvalo u tabiat mo‘jizasi. Eroziya va shamollar ta’sirida toshdan go‘zal va maftunkor san’at asari bunyod bo‘lgan. Ya’ni, unga inson tomonidan ishlov berilmagan. Kimdir bu toshni ikki ulkan dinozavrning to‘qnashib turgan boshiga o‘xshatsa, yana kimdir inson yuragiga mengzaydi. Ma’lum bo‘lishicha, bunday toshlarni dunyoning bir necha davlatlaridagina ko‘rish mumkin ekan. Bu tosh o‘zining tuzilishi, hajmi, vazni bilan yer yuzidagi boshqa mashhur toshlardan farqlanadi. Ayrim manbalar bu salobatli toshning yoshi 2,5 million yildan ziyod ekanidan xabar beradi.
Jahonning turli burchaklaridan Samarqandga kelayotgan sayyohlarning aksariyati Urgutdagi ushbu tabiat mo‘jizasini ham ko‘rish istagini bildiradi. Boisi, ekoturizm va etnoturizm imkoniyatlari aynan “Teshiktosh”da mujassam.
         Yuqorida sayohat ishqibozlarining istagi haqida bejiz to‘xtalmadik. Chindan ham ularning “Teshiktosh”ga qiziqishi oshib borayotganini bu yerga tashrif buyuruvchilar safi kengayayotganidan ko‘rishimiz mumkin. Bu esa ular uchun sharoit va qulayliklarni yanada yaxshilash zaruratini yuzaga keltiradi. Shu maqsadda ayni paytda O‘zbekiston madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidani asrab-avaylash va uning turistik imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
        Qadimiy tabiat yodgorligi yon-atrofida, 55 gektar maydonda “Teshiktosh” sayyohlik maskani yaratildi. Bu yerda sayyohlar uchun mehmon uylari va o‘tovlar tiklanmoqda. Maskanni haqiqiy dam olish markaziga aylantirish uchun qator loyihalar amalga oshirilyapti. Masalan, hududda minglab tup pista va bodom ko‘chatlari ekib parvarishlanmoqda. Shuningdek, plyaj, yangi mehmonxonalar, attraksionli istirohat bog‘i tashkil etish  ko‘zda tutilgan. Turistlar otda sayr qilib, echki va tuya sutidan totib ko‘rishlari ham mumkin bo'ladi.


        

 

 

 

 

 

 

So'nggi yangiliklar