Amaliy tadqiqotlar tanlovi eʼlon qilinmoqda
Октябрь 31, 2024 / Просмотр 33
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, davlat dasturlari va konsepsiyalarda bayon etilgan vazifa va topshiriqlarda belgilangan vazifalarni bajarilishida ilmiy yechimlarni ishlab chiqish uchun Ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturi doirasida bajariladigan amaliy tadqiqotlar tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respubliksai Vazirlar Mahkamasining ‘‘Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’ 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorda belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
- Filologiya va ijtimoiy fanlar
- Pedagogika va psixologiya fanlari
- Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari
- Tibbiyot fanlari
- Huquq fanlari
- Tarix va arxeologiya fanlari
- Texnika fanlari
- Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari yoʻnalishi boʻyicha
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (www.loyiha.ilmiy.uz) orqali 2024-yilning 1-dekabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
- Loyiha ilmiy jamoasining oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim.
Ilmiy jamoada yosh olimlar va iqtidorli talabalar (shu jumladan, magistratura talabalari) ishtirok etishi maqsadga muvofiq. - Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
- Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
- Ilmiy loyiha hujjatlarini Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:
- ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf);
- ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (pdf);
- amaliy loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli.
5. Taqdim etilgan loyihalar quyidagilar boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi:
- tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi;
- loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi;
- koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi;
- talablar asosida shakllantirilganligi;
- loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalar (yangi ishlanma, texnologiya) hamda ilmiy yoʻnalishning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi;
- soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi.
6. Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi
va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
7. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirlgan ilmiy yangilik, nou-xau va g‘oyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qo‘yilganligi haqida vakolatli tuzilmaning (xizmatning) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda, amaliy tadqiqot loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
- Tanlovda taqdim etiladigan loyihaning umumiy moliyalashtirish hajmi va bajarish muddatlari, e’lon qilinadigan loyiha mavzusining matniga muvofiq bo‘lishi shart.
Izoh: Loyiha doirasida avtotransport vositalarini xarid qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs
- Loyiha bo‘yicha xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq rejalashtirlishi va loyihaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) baravarida ko‘rsatilishi shart.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (413).