logo
Loading

Yangiliklar

"Milliy qadriyatlar sayli"

May 23, 2024 / Ko'rildi 213

     Urgut tuman hokimligi va SamDU Urgut filiali hamkorligida bir qator jamoat tashkilotlari ishtirokida Urgut tuman istirohat bog'ida "Milliy qadriyatlar sayli" bo'lib o'tdi. Tuman hokimining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari Muhiddin Xoliqov hamda SamDU Urgut filiali direktori Quvondiq Yarashevlar tadbirni kirish so'zi bilan ochib, milliy qadriyatlar millatning tarixi, yashash tarzi, ma’naviyati hamda madaniyati bilan chambarchas bog’liq holda namoyon bo’laishi, xalqimizga azaldan xos bo’lgan milliy va betakror fazilatlar egasi bo’lishimizda qadimiy an’ana va qadriyatlarimizga amal qilishimiz hamda asrab-avaylashimiz muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

    Darhaqiqat, Yer yuzidagi har bir millat faqat uning o’ziga xos bo’lgan an’ana va qadriyatlari bilan alohida ajralib turadi, tabiiyki, har qaysi xalqning bebaho boyligi bo’lgan bunday qadriyat va an’analar bir-ikki kunda paydo bo’lib qolmagan. Biror-bir narsaning an’anaga va qadriyatga aylanishi uzoq davrni talab qiladi. Yillar, asrlar davomida muayyan qarash, odat, tushuncha, tajribalar zamonlar, avlodlar sinovidan o’tadi, sayqal topib boradi. Agar ular keyingi avlodlar tomonidan ham qabul qilinsa, davom ettirilib, urf-odatga aylansa, demakki, endi ularni milliy an’ana va qadriyat deb atash mumkin bo’ladi.

     O’zbek xalqining asrlardan asrlarga o’tib kelayotgan milliy qadriyat­lari ham uzoq tarixiy jarayonda shakllangan. Jumladan, xalqimizga xos bo'lgan o’zi tug’ilib o’sgan ona Yurtiga ehtirom, o’z taqdirini mana shu yurtsiz tasavvur qila olmaslik, o’tgan ajdodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga doimiy hurmat, kichiklarga izzat ko’rsatish, mehmondo’stlik, hayo va andisha saqlash, poklikka alohida e’tibor berish singari ko’plab yuksak fazilatlar bizning milliy qadriyatlarimiz asosini tashkil etadi. Bebaho boyligimiz bo'lmish - Milliy qardiyatlarimizni asrab-avaylashimiz, ularga amal qilishimiz burchimizdir.

    Ko'tarinki ruhda bo'lib o'tgan "Milliy qadriyatlar sayli" so'ngida tadbirni tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan bir qator tashkilotlar rahbarlari va faol ishtirok etgan xodimlar, guruhlar hamda talabalar filial direktori tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. 

SamDU Urgut filiali

Axborot xizmati

     

So'nggi yangiliklar